RASMIY MUNOSABAT

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilarini taqdirlash, xususan, “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoniga nomzodlarni tavsiya etish jarayoni yuzasidan turli fikr va murojaatlar bildirilmoqda.

Jumladan, 2026-yil 2-oktabr kuni ELTUZAR kanalida “O‘ZDJTU O‘QITUVCHILARI MUKOFOTLASHDAGI ADOLATNI SAVOL OSTIGA QO‘YMOQDA” sarlavhali maqola e’lon qilinib, unda mazkur jarayon yuzasidan ayrim e’tirozlar bildirilgan.

Bildirilgan fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida quyidagilarni ma’lum qilamiz.

“Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoniga nomzodlarni tavsiya etish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-oktabrdagi 616-son qarori hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli topshirig‘i asosida amalga oshirilgan. Vazirlikning 2026-yil 17-iyuldagi topshiriq xatiga muvofiq, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan 11 nafar nomzod tavsiya etish belgilangan.

Nomzodlarni aniqlash jarayoni bir necha bosqichda tashkil etilgan. Dastlab fakultetlardan nomzodlar taqdim etilgan, shundan so‘ng ular universitet miqyosida shakllantirilgan ishchi guruh tomonidan tegishli mezonlar asosida ko‘rib chiqilgan. Jarayonda Kasaba uyushmasi raisining xulosasi ham inobatga olingan. Nomzodlarni ko‘rib chiqish va saralash bilan bog‘liq jarayonlar tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtirilgan.

Natijada universitet tomonidan 11 nafar nomzodning hujjatlari tasdiqlanib, 2026-yil 20-iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etilgan.

Shuningdek, universitetning yana 3 nafar xodimi “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, 5 nafar xodimi, shundan 1 nafari talaba, “Faxriy yorliq” bilan taqdirlangan. Mazkur taqdirlashlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining e’tibori va tashabbusi asosida amalga oshirilgan.

Maqolada ilgari surilgan “tanish-bilishchilik” asosida nomzodlar tavsiya etilgani haqidagi fikrlar universitetda mavjud hujjatlar bilan tasdiqlanmaydi. Nomzodlar fakultetlardan taqdim etilgan, universitet miqyosida ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilgan va tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qiladi. Shu bois nomzodlarni tavsiya etish jarayoniga oid tegishli hujjatlar belgilangan tartibda murojaat qilgan shaxslar bilan ko‘rib chiqilishi mumkin.

Universitet professor-o‘qituvchi va xodimlarning mehnatini qadrlaydi. Ularni rag‘batlantirish masalasida qonuniylik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilish universitetning ustuvor vazifalaridan biridir.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube