8-avgust kuni Yaponiya raqamli universiteti (JDU) vakillari OʻzDJTUga tashrif buyurdi.

JDU taʼsischisi Xaga Xiroaki, Vasiylik kengashi aʼzosi, loyiha menejeri Kobayashi Chigusha, Vasiylik kengashi aʼzosi Kondo Toshiko, JDU rektori Mamajonov Ravshanbek, Taʼlimni loyihalashtirish masalalari boʻyicha prorektor Munojot Umarovalardan iborat mehmonlar OʻzDJTU vakillari tomonidan kutib olindi.

Tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda OʻzDJTU tomondan Rektor I. Tuxtasinov, Moliya-iqtisod ishlari boʻyicha prorektor S. Abdullayev, Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor M. Chutpulatov, Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi X. Yuldashev, Qoʻshma taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi N. Abdullayeva, Huquqshunos F. Mirzayev hamda Yapon tili kafedrasi mudiri N. Xamidovalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda 2024-yil JDU bitiruvchilariga “Kompyuter lingvistikasi” yoʻnalishi boʻyicha OʻZDJTU diplomini berish, 2020-yil 17-apreldagi shartnomaga oʻzgartirishlar kiritish, JDU elektron taʼlim platformasidan foydalanish, OʻzDJTU yapon tili guruhi talabalari uchun IT boʻyicha kasbiy tayyorgarlik kurslarini tashkil qilish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi va kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, muloqot chogʻida tomonlar mazkur universitet faoliyatini takomillashtirish, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt kabi sohalarda malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ularning bandligini taʼminlash masalalarini muhokama qilishdi. Hiroaki Haga janoblari joriy oʻquv yilida oʻqishlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar sentabr oyidan Yaponiyaning yirik kompaniyalarida ish bilan taʼminlanishini maʼlum qildi.

Maʼlumot oʻrnida: OʻzDJTUda yapon tili 1995-yildan buyon oʻqitilib kelmoqda. Hozirgi vaqtda bakalavriatda kunduzgi shaklda 357 nafar, kechki shaklda 229 nafar, magistraturada 7 nafar, ikkinchi chet tili sifatida 300 nafar, jami 886ga yaqin talaba yapon tili va madaniyatini katta qiziqish bilan oʻrganmoqda. Yapon tiliga qiziqish esa yildan-yilga ortib bormoqda. Hozirgi kunda kafedrada 6 nafar professor oʻqituvchi faoliyat koʻrsatmoqda.

2024-08-13 09-21

Our partners
Site map