2025-yil 4-5-dekabr kunlari Koreya Respublikasining Seul shahrida Ikkinchi Koreya-O‘zbekiston oliygohlari rektorlari forumi (The 2nd Korea-Uzbekistan University Presidents’ Forum) bo‘lib o‘tadi.
Forum mavzusi: “Global Sun’iy intellekt iste’dodlari va ta’lim forumi 2025 (2025 Global AI Talent & Education Forum)”.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Koreya Ta’lim vazirligi va Ajou universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur nufuzli anjumanda har ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etadi. Forum ishida Koreya ta’lim vaziri, Koreya Milliy assambleyasi Ta’lim boshqarmasi rahbari, Koreyaning yetakchi tashkilot va kompaniyalar rahbarlari qatnashadi.
Ushbu forumda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ishtiroki hamda Koreyaning Chonbuk milliy universiteti (Jeonbuk National University), Kangvon milliy universiteti (Kangwon National University), Xonam universiteti (Honam University), Soyong universiteti (Seoyoung University) va boshqa oliygohlari prezident hamda vise-prezidentlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borishi, hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar va shartnomalar imzolashi rejalashtirilgan.
I. Tuxtasinov “
Ta’limni globallashtirish jarayonida sun’iy intellektning roli
” mavzusidagi taqdimoti bilan ishtirok etib, Koreyalik hamkasblariga mamlakatimizda raqamlashtirish va ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt elementlarini tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot beradi.
Forum tafsilotlari haqida tezkor axborotga ega bo‘lish uchun bizni kuzatib boring!