“Destruktiv xulq-atvorli talabalar bilan ishlash mexanizmlari” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminar
24-noyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarning psixologik farovonligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi muhim o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir “Destruktiv xulq-atvorli talabalar bilan ishlash mexanizmlari” mavzusiga bag‘ishlanib, universitet psixologi Z.T. Xayrullayeva tashabbusi bilan Xalqaro jurnalistika hamda Rus filologiyasi fakultetlari tyutorlari uchun tashkil etildi.

Seminarning asosiy maqsadi — yoshlar duch keladigan noxush holatlarning oldini olish, ularni psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda murakkab hayotiy vaziyatlarda samarali muloqot va yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq mexanizmlarni o‘rgatishdan iborat bo‘ldi.
Unda quyidagi yo‘nalishlar alohida ko‘rib chiqildi:
• talabalarning noqulay yoki xavfli vaziyatlarga tushib qolishining oldini olish bo‘yicha profilaktik yondashuvlar;
• stress, inqiroz yoki murakkab psixologik holatga tushgan yoshlar bilan ishlashda qo‘llaniladigan samarali usullar;
• suisid holatlarining psixofiziologik mexanizmlarini tushuntirish, xavf belgilarini erta aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha kompleks tavsiyalarni shakllantirish
Seminar davomida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar orqali krizis vaziyatida muloqot texnikalarini o‘rgandilar, xavf omillarini aniqlashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishdilar va real holatlarga asoslangan treninglarda qatnashdilar.