Harbiylar bilan uchrashuv

22-dekabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetining 5-sonli talabalar turar joyida harbiylar bilan “Vatanparvarlik” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda 81–140-sonli harbiy qismdan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar ishtirok etib, fakultet talabalari bilan samimiy va mazmunli muloqot olib borishdi.

Uchrashuv davomida harbiylar yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ona yurtga sadoqat, tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shuningdek, o‘tgan asrda aholining yashash tarzi hamda bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar asrida yashayotgan yoshlarning hayoti o‘rtasidagi farqlar misollar orqali tushuntirib berildi.

Mehmonlar yoshlar orasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, ularni harbiy xizmatga qiziqtirish, shuningdek, Vatan oldidagi burch va masʼuliyatni anglashga undash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida so‘z yuritishdi.

Uchrashuv yakunida talabalar tomonidan qiziqarli savollar berilib, harbiylar ularga batafsil javob berishdi. Shu kabi tadbirlar yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, vatanparvarlik ruhini mustahkamlash hamda harbiy sohaga bo‘lgan hurmatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube