O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “OCHIQ ESHIKLAR KUNLARI”
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti umumiy o‘rta ta’lim maktablari, kasbiy ta’lim va texnikumlarning bitiruvchi o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari va oila a’zolarini universitetda tashkil etiladigan “Ochiq eshiklar kunlari” tadbirlariga taklif etadi.
Mazkur tadbir bo‘lajak abituriyentlarni universitetning ta’lim muhiti, o‘quv jarayoni, zamonaviy moddiy-texnik bazasi hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ularning oliy ta’lim muassasasini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etiladi.
“Ochiq eshiklar kunlari” davomida tashrif buyuruvchilar universitetning o‘quv binolari, zamonaviy auditoriyalari, multimedia va sinxron tarjima xonalari, axborot-resurs markazi va kutubxonalari, sport majmuasi, sport zallari va maydonchalari, talabalar turar joylari hamda boshqa ta’lim va ijtimoiy infratuzilma obyektlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tadbir doirasida bo‘lajak talabalarga universitetda mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim jarayonini tashkil etish tartibi, qabul jarayoni va unga qo‘yiladigan talablar, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik va talabalar almashinuvi dasturlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati, talabalar uchun yaratilgan akademik va ijtimoiy imkoniyatlar, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar haqida batafsil ma’lumot beriladi.
“Ochiq eshiklar kunlari” bo‘lajak abituriyentlarga universitetning ta’lim imkoniyatlari va infratuzilmasini bevosita ko‘rish, o‘zlari uchun muhim bo‘lgan savollarga mutaxassislardan javob olish hamda kelgusidagi ta’lim yo‘nalishini ongli ravishda tanlash imkonini beruvchi muhim targ‘ibot-ma’rifiy tadbirlardan biridir.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti barcha bo‘lajak abituriyentlar, ularning ota-onalari va oila a’zolarini “Ochiq eshiklar kunlari”da faol ishtirok etishga chorlaydi.
Ochiq eshiklar kuni har oyning oxirgi haftasida tashkil etiladi:
Qo‘shimcha ma’lumot; Diyorbek Musurmonov 50 503-87-79 712301263(1027)
