30-may kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida “Ijtimoiy davlat zarurati va uning qadriyatiy belgilari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

Anjuman O’zDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining ijtimoiy fanlar kafedrasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasining Markaziy Kengashi va universitet qoshidagi Ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiya avvalida OʻzDJTU rektori Ilxomjon Madaminovich bugungi kunda yurtimizda ijtimoiy davlatni shakllantirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib oʻtdi. Talabalarga konferensiya materiallari jamlangan “Ijtimoiy davlat zarurati va uning qadriyatiy belgilari” toʻplamini oʻqib oʻrganishni tavsiya qildi.

Anjumanda “Ijtimoiy davlat va qonun ijodkorligi” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, professor Qodir Joʻrayev, “Ijtimoiy davlat — insoniylashgan siyosiy mexanizm” masalasida O’zDJTU ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori professor Narzulla Jo’rayev maʼruza qildi. 

Shuningdek, konferensiyada ijtimoiy davlat muhitini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan siyosiy fanlar doktorlari, professorlar tomonidan maqolalar o’qib eshittirildi. Tadbir soʻnggida ishtirokchilar va eng yaxshi maqola mualliflari taqdirlandi.

 

Sarvinoz Iminjonova Axiz-2105

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube