10-dekabr – har yili butun dunyoda Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana 1948-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun sifatida belgilangan. Mazkur hujjat insoniyatning asosiy huquq va erkinliklarini tan olish, himoya qilish hamda rivojlantirish borasida muhim qadam bo‘lib xizmat qilgan.
Shu kun munosabati bilan O'zDJTU Jahon adabiyoti kafedrasi katta o’qituvchisi Adiba Ma’diyeva tomonidan Ingliz filologiyasi fakulteti talabalari ishtirokida seminar-trening o’tkazildi.
Unda guruhlar tomonidan mazkur kunga atab, har bir inson teng huquqlarga ega ekanligini, millat, din, jins, til va boshqa farqlardan qat’i nazar, adolat va erkinlikka haqli ekanligini eslatadigan sahna ko’rinishi havola etildi. Mohirona ijro etilgan sahna ko’rinishida qator muammolar muhokama qilindi.
Bu kun butun dunyoda inson huquqlarini ta’minlash va buzilishiga qarshi kurashishda birdamlikni mustahkamlashga chaqiradi. Har birimiz inson huquqlarini himoya qilishda o‘z mas’uliyatimizni anglab, adolatli va hurmatli jamiyat barpo etish uchun hissa qo‘shishimiz lozim. Chunki inson huquqlari hurmat qilinadigan joyda tinchlik va farovonlik hukm suradi.