Jenisbek Piyazov – vazir maslahatchisi sifatida O‘zDJTUda yoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston xalq artisti, taniqli opera xonandasi Jenisbek Piyazov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining madaniyat hamda san’atni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi sifatida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sadiyev Valijon Alijonovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlarning ma’naviy kamoloti, san’at va madaniyatga qiziqishini oshirish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtaldi.
Uchrashuv davomida Jenisbek Piyazov o‘zining ijodiy faoliyati, xalqaro tanlovlardagi muvaffaqiyatlari haqida so‘z yuritdi. Jumladan, u 2012-yilda Muslim Magomayev nomidagi xalqaro vokal tanlovining Gran-pri sovrindori bo‘lgani, shuningdek, qator nufuzli xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgani qayd etildi. U 2009-yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri sahnasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Tadbir doirasida san’atkor tomonidan kichik konsert dasturi ham tashkil etildi. Nihol mukofoti sovrindori Jenisbek Piyazov o‘z repertuaridan bir necha asarlarni ijro etib, talaba-yoshlarga yuqori kayfiyat ulashdi. Uning jonli ijrosi va sahnadagi mahorati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuv samimiy muloqot va musiqiy chiqishlar bilan boyitilgan holda o‘tdi. Tadbir so‘ngida universitet rahbariyati Jenisbek Piyazovga faol ishtiroki va talaba-yoshlar bilan samimiy uchrashuvi uchun minnatdorchilik bildirdi.