Jinling fan va texnologiyalar instituti delegatsiyasi O‘zDJTUda bo‘ldi
25-sentabr kuni Jinling fan va texnologiyalar instituti delegatsiyasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov Xitoy tomonidan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolarini kutib oldi. Uchrashuvda institut prorektori, professor Chjan Yan, davlat mulki, ilmiy-texnologik park, tender va xaridlar hamda jihozlar bo‘yicha boshqarmalar rahbari, dotsent Chen Bin, Dasturiy injiniring instituti dekani, professor Tszeng Yue, institut kutubxonasi direktori, professor Suy Chen, Xalqaro ta’lim instituti partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari, dotsent Lyu Lin, shuningdek, O‘zDJTUning mas’ul rahbar va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida rektor Ilxomjon Tuxtasinov universitetning ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda xitoy tilini o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Bugungi kunda universitetda 26 500 nafar talaba tahsil olayotgani, ularga 1 300 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi ta’lim berayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, xitoy tili universitetda 1990-yildan ikkinchi til sifatida, 2014-yildan esa asosiy til sifatida o‘qitilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, hozirda universitetda qariyb 1 210 nafar talaba xitoy tilini o‘rganmoqda. Xitoy filologiyasi kafedrasida mahalliy va xitoylik mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Universitetning Xitoyning qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Xitoy hukumati, Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Xitoy OTMlari grantlari asosida 40 dan ortiq talaba Xitoyda tahsil olmoqda.
Muloqot davomida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, “xitoy tili + kasbiy ko‘nikmalar” yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, talabalar amaliyotini tashkil etish, yozgi va qishki maktablar hamda qisqa muddatli ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda tomonlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
2026-09-28 01-20