KOICA tashkiloti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 5-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yangi tayinlangan direktor o‘rinbosari Kim Cheon xonim, loyiha menejeri hamda mas’ul xodimlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Koreys tili va madaniyatini o‘qitishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor M. Xamrayev, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, xaridlar bilan ishlash va ta’minot bo‘limi boshlig‘i R. Xolmurodov hamda Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djurayevlar qatnashdi.
Tomonlar Sharq filologiyasi fakulteti binosida ajratilgan xonalar interyerini o‘zgartirish, ularni jihozlash va texnik vositalar bilan ta’minlash masalalarini muhokama qildilar. Kim Cheon xonim loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Xaridlar bilan ishlash va ta’minot bo‘limi boshlig‘i R. Xolmurodov tender jarayonlariga qo‘yiladigan talablar va loyiha smetasi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi hamda KOICA vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.
Hamkorlar 19-sentyabr kuni Seul shahrida KOICA tashkiloti bosh ofisi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga qadar barcha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va Koreya tomoniga yuborish bo‘yicha kelishib oldilar.