KOICA vakillari bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi

KOICA vakillari bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi

21-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktor o‘rinbosari Kim Siyon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov KOICA vakolatxonasiga universitetda koreys tili va madaniyatini rivojlantirish borasida ko‘rsatayotgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Xususan, KOICA tomonidan ajratilgan 1 116 000 AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘i hisobidan Sharq filologiyasi fakultetida “Koreya ta’lim va madaniyat markazi” tashkil etilgani, markaz zamonaviy texnik vositalar hamda koreys va o‘zbek milliy madaniyatini aks ettiruvchi jihozlar bilan ta’minlangani, shuningdek, so‘nggi ikki yil davomida 70 nafarga yaqin koreyalik volontyor universitet faoliyatiga jalb etilgani alohida e’tirof etildi.

Muloqot davomida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, Koreys filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilarining Koreya oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, koreys tilini o‘qitishning zamonaviy metodikalarini joriy etish, KOICA ekspertlari ishtirokida yangi avlod darsliklari, elektron platformalar va raqamli ta’lim kontentlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Koreya oliygohlaridan zamonaviy darslik va o‘quv qo‘llanmalarini jalb etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro standartlarga mos tayyorlov kurslarini tashkil etish, TOPIK imtihonlarini o‘tkazishni kengaytirish, koreys tili, tarjimashunoslik, sun’iy intellekt, raqamli ta’lim hamda madaniyatshunoslik yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro ilmiy jurnallarda hamkorlikda maqolalar chop etish bo‘yicha takliflar bildirildi.  

Bundan tashqari, universitetga Koreya Respublikasidan mutaxassislar va ona tili sohiblarini jalb etish, ular ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, shuningdek, talabalar, tadqiqotchilar va yosh olimlar ishtirokida ta’lim, innovatsiya va madaniyat yo‘nalishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktor o‘rinbosari Kim Siyon joriy yil sentyabr oyida Koreya Respublikasida ikki davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan rasmiy uchrashuv va forum doirasida O‘zbekiston hamda Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi kelishuvlarga erishilishi kutilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, KOICA O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga joriy etish, ta’lim transformatsiyasi va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Koreyaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yirik tashkilotlari — IBS va CTC kompaniyalari rahbarlarining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilayotgani, ular bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda KOICA ko‘maklashishi qayd etildi. Mazkur tashrif doirasida KOICA orqali 50 nafargacha IT yo‘nalishidagi mutaxassis-volontyorlarni qisqa muddatga O‘zbekistonga yuborish masalalari ham muhokama qilinishi ma’lum qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, joriy yil iyul oyi oxirida to‘rt oylik faoliyat uchun O‘zDJTUga tashrif buyuradigan KOICA volontyorlarining navbatdagi guruhi “Koreya ta’lim va madaniyat markazi” faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqib, universitet rahbariyatiga taqdim etishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.

Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga doir qator masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube