“Al-aziz” o'quv markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani o'quvchilari maktab pedagoglar hamrohligida tashrif buyurishdi. 

Tashrifdan maqsad o‘quvchilarga universitetning ta’lim dasturlari, ularning qiziqishlariga mos keluvchi soha va mutaxassisliklar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratishdan iborat boʻldi. 

Dastur avvalida mehmonlarni OʻzDJTU Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi xodimlari kutib oldi. 

 

 

 

 

Dastlab, o‘quvchi-yoshlar universitet kampusi bilan tanishdilar. Ular universitetning moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonlari, talabalarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot olishdi. Shundan so‘ng, universitet Axborot-resurs markazi hamda uning tarkibida tashkil etilgan universitet muzeyiga, Tarjimonlik fakultetining sinxron tarjima xonalariga tashrif buyurishdi, bu yerda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, tarjima nazariyasi va amaliyoti (arab tili) kafedrasidagi professor-o‘qituvchilarning faoliyati o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida o‘quvchilar universitetda tahsil olayotgan talabalarning kundalik ta’lim jarayonlariga guvoh bo‘lishdi. Yaratilgan zamonaviy o‘quv va ilmiy shart-sharoitlar hamda kafedralardagi joriy o‘quv-uslubiy ishlanmalar ularda oʻzgacha taassurot qoldirdi. 

Yakunda o‘quvchilar kelajakda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari bo‘lish istagida ekanini bildirishdi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube