“O‘zbekiston-Britaniya Ta’lim Forumi”ning ikkinchi kuni London shahrida davom etdi
Joriy yilning 16-may kuni Buyuk Britaniyaning London shahridagi Vestminster universitetida “O‘zbekiston-Britaniya Ta’lim Forumi”ning ikkinchi kuni o‘z ishini davom ettirdi. Tadbirda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmanov, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda har ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum doirasida oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, ta’lim sifatini oshirish, mavjud muammolar va imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, oliygohlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, oliy ta’lim boshqaruvi tizimini takomillashtirish, inkluziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash hamda hamkorlikda turli ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek Yusupov Buyuk Britaniyaning Sussex hamda Warwick universitetlari bilan almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish va seminar-treninglar tashkil etish borasida muzokaralar olib bordi.
Shuningdek, tadbirda Buyuk Britaniyaning turli universitetlarida tahsil olayotgan El-yurt umidi jamg‘armasi sovrindorlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan faol ishtirok etmoqdalar.