O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Butunjahon grek tili kuni”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
2026-yil 9-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Butunjahon grek tili kuni” munosabati bilan ma’rifiy-madaniy tadbir tashkil etildi.
Unda Gretsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Paraskevi Tzevelek xonim, elchixona ma’muriyati rahbari Rubini Angelakopulu, elchi yordamchilari Anastasia Xaltzidi va Rinat Hasanov, shuningdek, O‘zDJTU rektori Ilhomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, 3-ingliz tili fakulteti dekani I. Haydarov, grek tili o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib berib, o‘z nutqida “Butunjahon grek tili kuni”ning ahamiyati, O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi ta’limiy-madaniy aloqalarning tarixiy ildizlari hamda bugungi kunda oliy ta’lim sohasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Rektor ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi va talabalar uchun xalqaro dasturlarni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Gretsiyaning O‘zbekistondagi elchisi Paraskevi Tzevelek xonim so‘zga chiqib, grek tili va madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini qayd etdi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikni yuqori baholadi.

Tadbir davomida Gretsiya haqida viktorina tashkil etildi, grek tili va mamlakat tarixi aks etgan videoroliklar namoyish qilindi, shuningdek, grek tilining tarixi va bugungi o‘rni mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Talabalar tomonidan grek tiliga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi va milliy raqs namoyish etildi.
Yakunda viktorina g‘oliblari taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilari uchun grek milliy taomlari va shirinliklari tortiq etilib, tadbir samimiy va do‘stona muhitda yakunlandi.