O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida safar oldi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Bugun universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov xorijiy davlatlarga xizmat safariga jo‘nab ketayotgan professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi — safar oldidan ishtirokchilarni xorijiy davlatlarning ichki tartib-qoidalari, ta’lim jarayoniga oid talab va me’yorlarga rioya qilish zaruriyati bilan tanishtirish, ularni mas’uliyatli va maqsadli faoliyatga ruhlantirish edi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, professor-o‘qituvchilar va talabalar ikkita xalqaro dastur doirasida Janubiy Koreyaga yo‘l olmoqda:

 1. Sharq filologiyasi fakulteti Koreys filologiyasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari Kyungdong universitetida bo‘lib o‘tadigan 74 soatlik malaka oshirish kursi va “Koreys tilini o‘qitish usullari va Koreya madaniyati” mavzusidagi qisqa muddatli tayyorlov dasturida ishtirok etadi. Ushbu dastur doirasida 18 nafar professor-o‘qituvchi va talabalar 27–dekabrdan 2026-yil 12-yanvarga qadar Janubiy Koreyaga yuborilmoqda.

 2. Ingliz filologiyasi fakulteti talabalari, dekani Yu. Azzamov rahbarligida, Jeju Milliy Universiteti bilan imzolangan Anglashuv Memorandumi asosida madaniy almashinuv dasturida ishtirok etadi. Ushbu dastur doirasida 24 nafar talabalar va professor-o‘qituvchilar Koreyaga jo‘natilmoqda. Safar 2025-yil 27-dekabrdan 2026-yil 5-yanvargacha davom etadi.

Safar davomida barcha ishtirokchilar universitet sha’ni va mamlakat obro‘sini munosib tarzda namoyon etishi, xalqaro akademik muhitda intizom va mas’uliyatni saqlashi zarurligi qayd etildi.

Uchrashuvda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nosirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, fakultet dekanlari va universitet rahbariyati vakillari ham ishtirok etdilar.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube