O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yaponiyalik mehmonlar bilan uchrashuv
20-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Nomura Research Institute Consulting & Solutions (NRI Consulting) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kompaniya rahbarlari, jumladan NRI Consulting & Solutions India Pvt. Ltd. rahbariyati ishtirok etib, O‘zbekistonda kemasozlik va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yuzasidan talabalarning fikr va qarashlari bilan qiziqdilar.
Uchrashuvda universitetning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, Xalqaro bo‘lim hamda Sharq filologiyasi fakulteti rahbariyati va Yapon filologiyasi kafedrasi vakillari qatnashdi. Mehmonlar talabalar o‘rtasida anketa so‘rovi o‘tkazib, ularning kasbiy rejalari, Yaponiyada ishlash istagi hamda kutilayotgan mehnat sharoitlari haqida ma’lumotlar oldilar. Suhbat jarayonida talabalarning Yaponiyadagi mehnat imkoniyatlari va istiqboldagi kasbiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida mehnat migratsiyasi hamda malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yaponiyalik mehmonlar universitetda yaratilgan ta’lim muhiti, o‘quv dasturlari va talabalar uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi qadamlarni belgilab oldilar.