O‘zDJTU delegatsiyasining Gruziyaga tashrifi: yangi hamkorlik bosqichi

2-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev Gruziyaning Telavi davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida universitet rektori Shalva Tchkadua va Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Tamar Aslanishvili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

 

Muloqot davomida tomonlar ikki davlat darajasida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan:
— O‘zDJTUda gruzin tili markazini tashkil etish
— gruzin tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish
— tarjimonlar tayyorlash
— almashinuv dasturlarini rivojlantirish
— qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish
— talabalar uchun yozgi lagerlar tashkil etish

Shalva Tchkadua ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvdan so‘ng Pedagogika va gumanitar fanlar fakulteti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zDJTU faoliyati va yutuqlari aks etgan videorolik namoyish qilindi.

I. Tuxtasinov yig‘ilish davomida O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi va ishtirokchilarning savollariga javob qaytardi.

 

 

Shuningdek, gruzin tilini o‘qitish, zamonaviy o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikrlar almashildi. Bu yo‘nalishlarda zarur sharoitlar yaratilishi qayd etildi.

Yakunda ikki universitet o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube