OʻzDJTUda Argentina elchisi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

OʻzDJTUda Argentina elchisi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
 

2026-yil 27-iyul kuni Argentinaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Enrike Ignasio Ferrer Vieyra Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurdi.
 

Tashrif avvalida oliy martabali mehmonga universitet faoliyati, soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar hamda OʻzDJTU delegatsiyasining Argentinaning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.
 

Shundan soʻng OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov mehmonni mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, universitetda olib borilayotgan tizimli ishlar hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor yoʻnalishlar bilan tanishtirdi.  

Uchrashuv davomida 2025-yil aprel oyida Argentina oliy taʼlim muassasalariga amalga oshirilgan tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarga qaramay, hamkor universitetlar tomonidan ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayotgani taʼkidlandi.

Rektor hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida talaba va professor-oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Argentinadan malakali ispan tili mutaxassislari va til sohiblarini universitetga jalb etish, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, argentinalik yoshlarni OʻzDJTUda tahsil olishga keng jalb etish hamda boshqa oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda aloqalarni faollashtirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi.

Oʻz navbatida, Elchi Enrike Ignasio Ferrer Vieyra Oʻzbekiston va Argentina oʻrtasida taʼlim, ilm-fan hamda tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilishini, bu borada Argentina oliy taʼlim muassasalari rahbarlari bilan muloqot olib borishini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikki davlat uchun ham muhim va manfaatli ekanini eʼtirof etib, istiqboldagi qoʻshma loyihalarni izchil amalga oshirish hamda oʻzaro aloqalarni mustahkamlash yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube