O‘ZDJTUDA “AT-TANAL AL-ARABIY” XALQARO MARKAZI BILAN HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

O‘ZDJTUDA “AT-TANAL AL-ARABIY” XALQARO MARKAZI BILAN HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “At-Tanal al-Arabiy” xalqaro markazi bosh direktori, professor Abdul Rauf Zuhdi Husayn Mustafo bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldashev, Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri K. Qodirova, kafedra faxriy professori A. Zubaidi, kafedra o‘qituvchisi A. Yusupov hamda xalqaro hamkorlik bo‘limi vakili D. Xodjabekova ishtirok etdi.

Uchrashuvda arab tilini o‘qitish metodikasi va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, arab tilini bilish darajasini baholashning xalqaro mezonlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, “At-Tanal al-Arabiy” markazining arab tilini bilish darajasini baholashga qaratilgan xalqaro sertifikatlash tizimi, uning imkoniyatlari va tajribasini universitet faoliyatiga joriy etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘zDJTUda “At-Tanal al-Arabiy” test markazini ochish, arab tili o‘qituvchilari va talabalari uchun seminar hamda ma’ruzalar tashkil etish, arab tili va adabiyoti yo‘nalishida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, seminarlar va akademik maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining Amman shahrida joylashgan “At-Tanal al-Arabiy” xalqaro markazi arab tilini bilish darajasini baholash va xalqaro sertifikatlash tizimi bilan shug‘ullanadi. Markaz tomonidan ishlab chiqilgan imtihon tizimi til o‘rganuvchilarning grammatik bilimlari, o‘qish, tinglab tushunish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan.

Uchrashuv arab tilini o‘qitish sifatini oshirish, xalqaro baholash tizimlarini o‘rganish va universitetning xalqaro akademik hamkorlik aloqalarini kengaytirish yo‘lidagi muhim muloqot bo‘ldi.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube