Parijda “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
2025-yil 10-mart kuni Fransiyaning Parij shahrida “Ilm-fan va ta’lim: O‘zbekiston – Fransiya ko‘prigi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Konferensiyada Fransiya Respublikasi Oliy ta’lim va tadqiqotlar vaziri Filipp Batis, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, shuningdek, O‘zbekiston va Fransiyaning 30 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va olimlari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston tomonidan 15 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham qatnashdi.
Tadbir yalpi majlis hamda uchta sho‘ba yig‘ilishlari doirasida tashkil etildi.
Yalpi majlis – O‘zbekiston va Fransiyada oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, davlat tomonidan ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
1-sho‘ba: O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish;
-Toshkent shahrida O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
-O‘zbekiston va Fransiya ta’lim vazirlari ushbu universitetni tashkil etishga doir kelishuvni imzolashdi.
2-sho‘ba: Ilmiy-texnik hamkorlik va muhandis kadrlar tayyorlash;
-O‘zbek va fransuz universitetlari qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda muhandis kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilishdi.
-Biotexnologiya, axborot texnologiyalari va muhandislik sohalarida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
3-sho‘ba: Madaniy meros va turizm sohasida hamkorlik;
-O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniy aloqalar, arxeologik tadqiqotlar va turizmni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
-Fransiyaning yetakchi muzeylari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
20 dan ortiq O‘zbekiston va Fransiya universitetlari qo‘shma ta’lim dasturlari va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.
Konferensiyaning madaniy tadbirlar qismida
“O‘zbek modasi: an’analar va ilhom cho‘qqilari”
mavzusida milliy liboslar namoyishi o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil qilindi.
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan konferensiyada qator muhim qarorlar qabul qilindi:
-Toshkent shahrida O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish masalasi kelishib olindi.
-Qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, yosh olimlar uchun xalqaro grant dasturlari yo‘lga qo‘yildi.
-O‘zbek va fransuz madaniyatlarini targ‘ib etish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqildi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ldi.