“Talaba qizlar ligasi–2025”: nimchorak finalning besh jamoasi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari talaba qizlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Talaba qizlar ligasi–2025” futzal turnirining 2-tur bahslari yakunlandi.
Joriy yilning 21-may, chorshanba kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport zalida 2-tur doirasidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Taqvimga ko‘ra bu turda 16 ta uchrashuv rejalashtirilgan edi. Biroq ayrim jamoalarning belgilangan vaqtda maydonga chiqmaganligi sababli ularga texnik mag‘lubiyat yozildi.
Shuningdek, hakamlar hay’ati tomonidan “Texnika” (D guruhi), “Fan va texnika” (Gʻ guruhi), “Geologiya” (J guruhi), “Arxitektura” hamda “Menejment” (H guruhi) jamoalari ikki o‘yinni o‘tkazib yuborganliklari uchun turnirdan chetlashtirildi.
2-tur yakunlariga ko‘ra, muddatidan avval pley-off bosqichiga yo‘l olgan beshta jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. Ular quyidagilar:
“Iqtisodiyot”
“Stomatologiya”
Toshkent davlat pedagogika universiteti (TDPU)
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (O‘zDJTSU)
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti-2 (O‘zDJTU-2)
Guruhlardagi so‘nggi tur uchrashuvlari 26- va 28-may kunlari bo‘lib o‘tadi.
21-may kuni bo‘lib o‘tgan asosiy o‘yinlar natijalari:
“Diplomatiya” – TTESU-2 — 7:0
O‘zDJTU-2 – “Konservatoriya” — 8:0
Turnir qizg‘in davom etmoqda. So‘nggi tur uchrashuvlari barcha guruhlar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.