“TalabaExpo–2025” ko‘rgazmasi boshlandi!
21-may kuni Toshkent shahridagi “Zakovat” arena binosida yoshlar, taʼlim, innovatsiya va tadbirkorlik olamining eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri – “TalabaExpo–2025” ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Bitiruvchilar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Talaba – kelajak” nomli ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, “O‘zMilliybank” AJ Kelajakka qadam markazi direktori Elmurod Hoshimov, “Aloqabank” ATB boshqaruv raisi maslahatchisi Alisher Qurbonov, hamda Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbirda 1 500 nafardan ortiq bitiruvchi kurs talabalari va yosh mutaxassislar ishtirok etdi. Ular yirik ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish, kasb tanlash va mehnat bozoridagi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi.
Ushbu yirik ko‘rgazmada O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bitiruvchi kurs talabalari ham faol ishtirok etishdi. Universitet vakillari tadbirga o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M.Chutpulatov boshchiligida tashrif buyurdi. Talabalar yirik kompaniyalar bilan yuzma-yuz suhbatlar olib borib, ishga joylashish va amaliyot dasturlari bo‘yicha takliflar oldi.