5-mart kuni Butunjahon musulmon jamiyatlari kengashi delegatsiyasi vakillari OʻzDJTUga tashrif buyurdi.
Butunjahon musulmon jamiyatlari kengashi Bosh direktori Xolid Xalifa Al-Kaʼbiy, “Chegara bilmas oʻqituvchilar” Xalqaro tashkiloti prezidenti Doktor Muhammad Al-Obaydliy, “Chegara bilmas oʻqituvchilar” Xalqaro tashkiloti vitse-prezidenti Doktor Nasr Orif, Butunjahon musulmon jamiyatlari kengashi Bosh kotibi yordamchisi Umar Al-Barikiy, Protokol boshqaruvi menejeri Rashid Al-Nuʼaymiy va fotograf Fahd Jamillardan iborat delegatsiya universitet rahbariyati vakillari tomonidan kutib olindi.
Mehmonlar, avvalo, universitet kampusi bilan tanishish maqsadida oshxona, sport majmuasi, tarjimonlik fakulteti, ARM, faollar zalida boʻlishdi.
Shundan soʻng ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi. Unda universitet rektori I.Tuxtasinov delegatsiya aʼzolariga OʻzDJTU faoliyati hamda arab tili oʻqitilishi haqida maʼlumotlar berdi hamda Xolid Xalifa Al-Kaʼbiyning kengash faoliyati haqidagi nutqi tinglandi.
Uchrashuvda Arab davlatlari — Misr, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Oʻmon Sultonligi kabi davlatlar oliygohlari bilan aloqalarni rivojlantirishda koʻmaklashish, jumladan, talaba va oʻqituvchilar almashinuvi, arab tili oʻqituvchilari malakasini oshirish uchun turli jamgʻarmalar orqali grantlar ajratish, ilmiy sohada hamkorlikni rivojlantirish, OTMlari tadqiqotchilari almashinuvini yoʻlga qoʻyish, “Chegara bilmas oʻqituvchilar” Xalqaro tashkiloti orqali til sohiblarini OʻzDJTUga jalb qilish, arab tili markazi uchun oʻquv-uslubiy adabiyotlar, milliy liboslar va musiqa asboblari ajratish, mashhur mumtoz yozuvchilarning asarlarini oʻzbek va arab tillariga tarjima qilish masalalari muhokama etildi.