Umumta’lim maktablari hamkorligida ingliz, nemis tili va kommunikativ ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan bir qator o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar va interfaol darslar tashkil etib kelinmoqda

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda umumta’lim maktablari hamkorligida ingliz, nemis tili va kommunikativ ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan bir qator o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar va interfaol darslar tashkil etib kelinmoqda

Jumladan, Uchtepa tumanidagi 283-sonli umumta’lim maktabida nemis tili to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulot RGF filologiyasi fakulteti, Nemis tili nazariy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Sh. Jumanazarova rahbarligida, 4-bosqich talabasi M. Xushvaqtova tomonidan olib borildi. “Hilfsverben im Deutschen” mavzusiga bag‘ishlangan darsda o‘quvchilar sein, haben va werden yordamchi fe’llarining qo‘llanilishi hamda grammatik funksiyalari bilan tanishdilar. Interfaol mashqlar va dialoglar orqali mavzu amaliy jihatdan mustahkamlandi.

Shu kuni, shuningdek, 283-sonli umumta’lim maktabida ingliz tili to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti ham o‘tkazildi. Mashg‘ulot Ingliz filologiyasi fakulteti, Ingliz tili nazariy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi S. Mannonova rahbarligida, 4-bosqich talabalari S. Boynazarova va N. Rustamova tomonidan olib borildi. “Skills for My Dream Job” mavzusida o‘tkazilgan dars davomida o‘quvchilar orzudagi kasb uchun zarur ko‘nikmalar, shaxsiy maqsadlar hamda qiziqishlar haqida ingliz tilida fikr bildirishni mashq qildilar. Shuningdek, “can / can’t” grammatik mavzusi amaliy misollar orqali mustahkamlandi.

Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 299-sonli umumta’lim maktabida Ingliz tilini o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari N. Egamberdiyeva va F. Ashurova hamda XT2-2214 guruh talabasi Yusupova Sevinch Bahromovna ishtirokida ingliz tili to‘garagi mashg‘uloti tashkil etildi. “CEFR Reading: Part 1, Part 2 and Part 3” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu darsda 10-sinf variativ guruh o‘quvchilarining o‘qib tushunish ko‘nikmalari rivojlantirildi hamda CEFR formatidagi reading topshiriqlarini bajarish strategiyalari tushuntirildi.

Yana bir tadbir 280-sonli umumta’lim maktabida “Speaking Club: Healthy lifestyle” mavzusida o‘tkazildi. Ingliz filologiyasi fakulteti Ingliz tili amaliy aspektlari kafedrasi o‘qituvchi-stajyorlari M. O‘roqova, L. Allanova, O. Sultanbayeva va G. Jurayeva tomonidan tashkil etilgan ushbu interfaol darsda 9-“G” sinf o‘quvchilari faol ishtirok etdilar. Dars davomida sog‘lom turmush tarzi, foydali odatlar va kundalik faoliyat haqida ingliz tilida fikr bildirish ko‘nikmalari rivojlantirildi, shuningdek, “healthy food”, “exercise”, “drink water”, “daily routine” kabi so‘z va iboralar amaliy mashqlar orqali mustahkamlandi.

Mazkur mashg‘ulotlar o‘quvchilarning til kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning kommunikativ faolligini oshirish hamda zamonaviy ta’lim metodlarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube