“Xalq diplomatiyasi raqamli davrda” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi
19-aprel kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tashabbusi bilan “Xalq diplomatiyasi raqamli davrda” mavzusida ilmiy seminar va “Ijtimoiy-gumanitar hamkorlik yoshlar nigohida” shiori ostida interaktiv o‘yin tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarni xalq diplomatiyasi loyihalariga jalb qilish, mahalliy va xorijiy yoshlar tashkilotlari hamda volontyorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va onlayn muloqot platformalari orqali fikr almashishni faollashtirishdan iborat bo‘ldi.
Seminarda 5 ta oliy ta’lim muassasasidan talaba-yoshlar ishtirok etdi. Ular orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ham faol qatnashib, 3 ta jamoa ko‘rinishida o‘z bilim va salohiyatlarini namoyish etdi.
Tadbirning faxriy mehmoni – Moskva shahridan tashrif buyurgan Zabolotskix Nataliya Viktorovna (Yevrosiyo va Afrika xalqlari assambleyasi Bosh kengashi rais o‘rinbosari, siyosatshunos va mediatexnolog) talabalarning chiqishlariga yuqori baho berib, ularga esdalik sovg‘alar hamda sertifikatlar topshirdi.