“Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish jarayonida ma’rifatparvarlik g‘oyalarining ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

2025-yil 22-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Jurnalistika fakulteti Ijtimoiy fanlar kafedrasi tomonidan “Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish jarayonida ma’rifatparvarlik g‘oyalarining ahamiyati” mavzusida Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

 

 

Mazkur anjuman O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kabi nufuzli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi.

 Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek Yakubovich Yusupov ochib berdi. U o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonda jadidchilik an’analarini tiklash, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotganiga alohida to‘xtaldi.

Yalpi majlisda quyidagi nufuzli mehmonlar ishtirok etdi:
 O‘zbekiston Qahramoni, “Do‘stlik” ordeni sohibi, yozuvchi va tarjimon Ibrohim G‘afurov;
 O‘zbekiston davlat va jamiyat arbobi, siyosiy fanlar doktori, professor Jo‘rayev Narzulla Qosimovich;
 O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ijodkor Sherkon Qodiriy;
 Filologiya fanlari doktori, dotsent, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nazarova Shahnozaxon Ibadullayevna;
 “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari, “Shuhrat” medali sohibasi Muxamedjanova Firuza Xatamjanovna;
Tarix fanlari doktori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jamolova Dilnoza Muyidinovna.

Anjuman doirasida quyidagi sho‘ba yo‘nalishlarida ilmiy munozaralar olib borildi:

  XX asr birinchi yarmida Turkiston ma’rifatparvarlarining ijtimoiy-falsafiy va pedagogik qarashlari;
  “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini amalga oshirishda jadidlar ilmiy-ma’rifiy merosining o‘rni;
  Ma’rifatchilik g‘oyalari – Yangi O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish omili sifatida;
  Globallashuv sharoitida jadid ma’rifatparvarlari qarashlarining milliy madaniyat va qadriyatlarni tiklashdagi roli.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan mehmonlar, ma’ruzachilar va yosh tadqiqotchilar faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Anjuman doirasida taqdim etilgan maqolalarni maxsus to‘plam holida nashr etish rejalashtirilgan.

 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube