Yaponiya Tadbirkorlik instituti bilan hamkorlik istiqbollari

2025-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yaponiya Tadbirkorlik instituti prezidenti Tatsuya Kuroda bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Abduraxim Nasirov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Xusanboy Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani Dilshod Jo‘rayev, yapon filologiyasi kafedrasi mudiri Nargiza Xamidova va kafedra dotsenti Malika Ibragimova ishtirok etdilar.

 

 

Suhbat davomida tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Jumladan, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, yapon tili bo‘yicha mutaxassislarni O‘zDJTUga jalb etish, yapon tili guruhlari talabalarining amaliyotini Institut tarkibidagi kompaniyalarda tashkil qilish, qisqa muddatli tadbirkorlik va biznes boshqaruvi kurslarini yo‘lga qo‘yish orqali yoshlarni Yaponiyada ish bilan ta’minlash imkoniyatlari hamda yozgi va qishki dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ikki tomon ta’lim, ilmiy tadqiqot va almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda shartnomalar imzolashga kelishib oldilar.

Ma’lumot uchun: Tadbirkorlik instituti 2006-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosan biznes boshqaruvi va IT yo‘nalishida magistrlar tayyorlaydi. 5000 nafar talaba orasida 400 nafar o‘zbekistonlik talaba ham tahsil olmoqda. Har yili o‘rtacha 100 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli o‘qishni yakunlaydi. Institut bugungi kunga qadar 16 ta davlatning 52 ta oliygohi bilan memorandum va shartnomalar imzolagan. 2026-yil aprelidan boshlab bakalavr va doktorantura dasturlariga ham qabul yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Institut tarkibida turli kompaniya va korxonalar faoliyat yuritib, talabalar uchun amaliy tajriba imkoniyatlarini yaratmoqda.

 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube