Yaponiyaning SOAFS tashkiloti bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

 

19-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Yaponiyaning Xorijiy talabalarni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti — Support Organization for Advancement Foreign Students Co., Ltd. (SOAFS) va Ponte Co. Ltd. kompaniyasi vakillarini rasmiy tashrif bilan qabul qildi.

 

Uchrashuvda SOAFS kompaniyasi rahbari Tetsuo Matsumuro, Ta’lim departamenti direktori Reiko Xamada xonim, shuningdek Ponte Co. Ltd. kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari G‘anixon Maksudov ishtirok etdi.

 

Ma’lumot o‘rnida, SOAFS kompaniyasi 2023-yil 7-iyunda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda 25 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Kompaniyaning asosiy yo‘nalishlari — yapon tili va kasb-hunar ta’limi kurslarini tashkil qilish, marketing faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyaning yetakchi kompaniyalariga ishga joylashtirishdan iborat.

 

 

Ilxomjon Tuxtasinov uchrashuv davomida O‘zDJTUda olib borilayotgan xalqaro hamkorlik ishlari, universitetda yapon tili bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Tetsuo Matsumuro janoblarining ta’kidlashicha, kompaniya Toshkent davlat texnika universitetida Kasbiy ta’lim markazini tashkil etgan bo‘lib, 2024–2025-yillar davomida Yaponiyaning:
  Daito qurilish kompaniyasiga – 11 nafar,
  Osaka shahridagi logistika kompaniyasiga – 5 nafar,
  Ebara avtomobil kompaniyasiga – 1 nafar
O‘zbekistonlik mutaxassis yuborilgan.

 

 

Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yapon tilini yaxshi egallagan, kasbiy ko‘nikmalarga ega O‘zDJTU bitiruvchilarini tayyorlash, ularni Yaponiyadagi yirik kompaniyalarda, xususan turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida ish bilan ta’minlashdan iborat ekani ta’kidlandi.

Ilxomjon Tuxtasinov nafaqat yapon tili, balki ingliz tili yo‘nalishida tahsil olayotgan 3–4-bosqich talabalari uchun ham 
Sharq filologiyasi fakulteti
 qoshida 
Kasbiy ta’lim markazini tashkil etish
 tashabbusini ilgari surdi. Bu esa o‘nlab emas, 
yuzlab kadrlarni qisqa muddatlarda Yaponiyaga tayyorlash
 imkonini beradi. U, shuningdek, bu kabi tashabbuslar O‘zDJTU va umuman mamlakatimizga 
xorijiy investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qilishini
 alohida qayd etdi.

 

 

 Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rasmiylashtirish, shartnoma imzolash hamda maqsadli kadrlar tayyorlash ishlarini qisqa muddatlarda boshlash zarurligini e’tirof etdilar.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube