16-yanvar kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar” mavzusida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.
Unda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura tinglovchisi Azizov Davron Abduganiyevich hamda fakultet dekanlari, dekan muovinlari, tyutorlar va universitet talabalari ishtirok etdi. Uchrashuvni rektor Ilxomjon Tuxtasinov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbir mehmoni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura tinglovchisi podpolkovnik Azizov Davron Abduganiyevich talabalarga huquqbuzarliklarni oldini olish va uning barvaqt profilaktikasiga ko‘maklashish, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar va uning ayanchli oqibatlari haqida so‘zlab o‘tdi. Bunday vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha tavsiyalarini berib o‘tdi. Shuningdek, 15-yanvardan 15-fevralga qadar “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi etib belgilanganligi munosabati bilan davra suhbatida giyohvandlik va terrorizmga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida ham suhbat olib borildi.
Talabalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar berdi hamda vaziyatga munosabatlarini bildirdi. Uchrashuvda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Valijon Sa’diyev, universitet rahbariyati vakillari va universitet profilaktika inspektori ham ishtirok etdi. Ishtirokchilar ham mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.
Uchrashuv so‘ngida rektor Ilxomjon Tuxtasinov Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura tinglovchisi podpolkovnik Davron Azizovga minnatdorchilik bildirdi hamda tashakkurnoma taqdim etdi.