2-sonli umumta’lim maktabida “Xorijiy tillarni rivojlantirish va o‘qitish markazi” ochildi
2-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Xorijiy tillarni rivojlantirish va o‘qitish markazi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz o‘quvchilarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan.

Tadbirda universitet rahbariyati, Angren shahar hokimligi rahbariyati hamda maktab ma’muriyati vakillari ishtirok etdilar. Ular markazning yoshlar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, bilim salohiyatini oshirish va xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni rag‘batlantirishdagi ahamiyatini ta’kidladilar.
Shuningdek, universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov so‘zga chiqib, markazning asosiy maqsadi yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan ta’minlash va ularni kelajakda raqobatbardosh mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga tayyorlash ekanini qayd etdi. Rektor bu tashabbus o‘quvchilarning bilim salohiyatini oshirishda, ularning kelajakdagi muvaffaqiyatiga xizmat qilishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Tadbir yakunida mehmonlar markazdagi dars xonalari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, o‘quv jarayoni va qo‘shimcha ta’lim imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdilar.