Erasmus+ dasturi doirasida xalqaro akademik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Ispaniya Qirolligining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Rioxa universiteti (Universidad de La Rioja) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan 2023-1-ES01-KA171-HED-000148842 raqamli Erasmus+ KA171 loyihasi doirasida 2026-yil 13–17-iyul kunlari Logronyo shahrida tashkil etilgan xalqaro seminar-trening hamda tajriba almashish dasturida ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida, 2026-yil 13-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon Tuxtasinov hamda Rioxa universiteti rektori Eva Sanz Arazuri o‘rtasida Anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding – MoU) imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Xususan, quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
-
qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
-
talabalar hamda professor-o‘qituvchilar akademik almashinuvini kengaytirish;
-
ilmiy-tadqiqot faoliyati va qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish;
-
Erasmus+ hamda boshqa xalqaro grant dasturlari doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish;
-
onlayn konferensiyalar tashkil etish, o‘quv-uslubiy adabiyotlar va darsliklarni hamkorlikda yaratish.
Shuningdek, uchrashuv davomida ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, universitetlarning xalqaro salohiyatini oshirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilindi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, Yevropa oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni rivojlantirish hamda ta’lim va ilm-fan sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.