Gid-tarjimonlar tayyorlash o‘quv kursi yakunlandi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-sonli qarori ijrosi doirasida Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti” hamkorligida o‘tkazilgan kurs o‘z nihoyasiga yetdi.
2024-yil dekabridan 2025-yil may oyigacha davom etgan ushbu kursda iqtidorli talabalar orasidan saralangan 80 nafar tinglovchi (ispan, italyan, xitoy, yapon, malay, nemis va ingliz tillari yo‘nalishlarida) 630 soatlik nazariy, amaliy va sayyor mashg‘ulotlarni to‘liq o‘zlashtirib, bitiruv ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.
Yoz oylarida esa “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida gid-tarjimonlik amaliyotida faol qatnashib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitdilar.
Gid-tarjimon — bu nafaqat til bilimdoni, balki tarix, madaniyat, mehmondo‘stlik, muloqot va tarjima san’atini birlashtirgan haqiqiy mutaxassisdir. Mazkur kurs esa ishtirokchilar uchun kasbiy rivojda muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda O‘zDJTU rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov bitiruvchilarni samimiy tabriklab, ularga kelgusida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.