Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasini tashkil etish bo‘yicha navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasini tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda kutubxonaning 1 va 2-qavatlarining yangilangan interyeri dizayni bo‘yicha fikr va takliflar ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida Markaz rahbari Umida Teshaboyeva kutubxonaning keng ko‘lamli imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tdi. U, xususan, markazda joylashgan 500 kishiga mo‘ljallangan katta konferensiya zalining javonlarini ham kitoblar bilan to‘ldirish rejalashtirilayotganini alohida ta’kidladi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan ingliz tili 1-fakulteti dekani Ergasheva Guli hamda Axborot resurs markazi rahbari Kayumova Saida ishtirok etib, kutubxona loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Muhokama jarayonida kutubxona fondini boyitish, foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish va zamonaviy axborot-resurs xizmatlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan muhim g‘oya va tashabbuslar ilgari surildi.