Migratsiya agentligi va Peruja xorijliklar universiteti hamkorligi doirasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi
Bugun Migratsiya agentligi hamda Italiyaning Peruja shahridagi Peruja xorijliklar universiteti bilan hamkorlik doirasida navbatdagi onlayn uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov hamda sohaviy mas’ullar ishtirok etdi.
Uchrashuv ZOOM platformasi orqali o‘tkazilib, hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, italyan tili bo‘yicha 7 oylik maxsus o‘quv dasturining joriy holati va kelgusi vazifalar muhokama qilindi.
Tomonlar tomonidan italyan tilini o‘qitish jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, tinglovchilarning til bilish darajasini oshirish hamda CELI xalqaro sertifikatiga tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, loyihada ishtirok etayotgan hamshiralar sonini kengaytirish, yangi nomzodlarni jalb qilish va o‘quv jarayonlarini tizimli monitoring qilish bo‘yicha amaliy takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.