Nemis tili darslarida mobil videolardan foydalanish mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Roman-german filologiyasi fakultetida nemis tili yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari hamda DAAD lektori Claudio Kasperl ishtirokida “Nemis tili darslarida imtihon formati sifatida mobil telefon videolaridan foydalanish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Seminar davomida nemis tili darslarida mobil videolardan foydalanishning afzalliklari, amaliy imkoniyatlari hamda ayrim cheklovlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu yondashuvning talabalar bilimini baholashdagi samaradorligi va zamonaviy ta’lim jarayonidagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilar Ozarbayjon Texnika Universiteti tajribasi bilan tanishib, mazkur usulni O‘zbekiston ta’lim tizimida qo‘llash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Seminar interaktiv muhitda, qizg‘in muhokamalar va foydali takliflar bilan o‘tdi.