O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sh. Ismatova, Tarjimonlik fakulteti dekani U. Yo‘ldashev, Ingliz tili tarjima nazariyasi kafedrasi mudiri B. Odilov hamda kafedra mutaxassislari Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida universitet vakillari ta’lim muassasasi faoliyati, mavjud yo‘nalishlar va O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Shuningdek, ijod maktabi o‘quvchilari bilan samimiy suhbat tashkil etilib, ularni tarjimonlik sohasidagi istiqbollar bilan tanishtirishdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur ijod maktabining 40 dan ortiq bitiruvchisi hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olmoqda. Ushbu hamkorlik uch yildan buyon izchil davom etib kelmoqda.
Tashrif davomida ijod maktabining 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tili fanidan olimpiada tashkil etildi. G‘olib bo‘lgan o‘quvchilar universitet vakillari tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.