O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori (DSc) Beruniy Alimovning yangi “Jurnalistikada sun’iy intellekt davri” nomli monografiyasi nashrdan chiqdi!
Ushbu asar nafaqat ilmiy tadqiqot, balki zamonaviy o‘zbek jurnalistikasining raqamli davr sari tashlangan dadil qadami, yangicha fikrlash, tahlil va ijod madaniyatining ifodasidir.
Monografiyada sun’iy intellekt texnologiyalarining jurnalistika va PR sohalariga ta’siri, ularning amaliy qo‘llanilishi, milliy va xorijiy tajribalar, shuningdek, axborot makonidagi yangi tendensiyalar tahlil qilingan.
Asar “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori doirasidagi ilmiy izlanishlar asosida tayyorlangan.
Mazkur nashr O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Muvofiqlashtiruvchi kengashining 2025-yil 3-iyuldagi 11-sonli bayonnomasi asosida chop etilgan bo‘lib, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Do‘stmuhammedov va “Yoshlar ovozi” gazetasi bosh muharriri Hamza Abdullaev mas’ul muharrir sifatida ishtirok etgan. Asarning ilmiy maslahatchisi professor Fayzulla Mo‘minov, taqrizchilari esa professor Amrullo Karimov hamda dotsent Salim Doniyorovdir.
Ishonchimiz komilki, ushbu monografiya nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki amaliyotdagi jurnalistlar, blogerlar va PR sohasi mutaxassislari uchun ham muqim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.