O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Kengashning 2-son yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 25-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Kengashning 2-son yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishga universitet rektori, professor Ilhomjon Tuxtasinov raislik qildi.
Kun tartibida bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, davlat hujjatlari va vazifalar ijrosi, fuqarolar xavfsizligi, xalqaro hamkorlik va ta’lim xizmatlari eksporti, fakultet va kafedralar faoliyatining monitoringi yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, yig‘ilishda universitet Kengashi tarkibini qayta tasdiqlash, tahririy-nashriyot bo‘limi va bosmaxona nizomlarini yangilash, ichki mehnat tartib qoidalariga kiritilgan o‘zgarishlarni tasdiqlash, “UZWAVE – Women and Voices for Equity” gender tadqiqotlari markazini tashkil etish, “Rektor stipendiyasi” g‘oliblarini e’lon qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Ilmiy faoliyat doirasida qator doktorlik va PhD dissertatsiya mavzulari tasdiqlandi, yangi monografiyalarni nashrga tavsiya etish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ilmiy unvon va lavozimlarga tavsiyalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida universitet rahbariyati tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, tegishli qarorlar qabul qilindi.