O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi doirasida sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Xitoy ikkinchi ta’lim forumi doirasida bir qator sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etildi. Dastur davomida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari vakillari ta’lim, fan, kasbiy ta’lim, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi yo‘nalishlarida o‘zaro fikr almashdilar.

Yig‘ilishlarda quyidagi mavzular muhokama qilindi:
Sun’iy intellekt davrida yangi avlod kadrlarni tayyorlash: O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi tajribasi hamda istiqbollari;
- Ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik istiqbollari;
- Ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasi: malakali kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston–Xitoy tajribasi;
- Kasbiy-texnik ta’lim sohasida hamkorlik;
- Qo‘shma innovatsion loyihalar va texnoparklar faoliyati: imkoniyatlar va istiqbollar;
- Texnologiyalar transferi sohasida tajriba almashish mexanizmlari.
Oliy ta’lim va fan yo‘nalishidagi sho‘ba ishini O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Abdurahim Nasirov olib bordi. Sho‘ba yig‘ilishini O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda Ta’lim sohasida xalqaro almashinuv bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi kotibiyati bosh kotibi Yang Jun ochib berdi.

Tadbir yakunida forum doirasida erishilgan natijalar e’lon qilindi, taqdimotlar namoyish etildi hamda tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Sho‘ba yig‘ilishlari yakunida O‘zbekiston va Xitoy ta’lim muassasalari o‘rtasida innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, kadrlar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy-texnik salohiyatni oshirishga qaratilgan bir qator hamkorlik bitimlari va memorandumlar imzolandi.