O‘zDJTU Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi universitet brendi va marketingini namoyon qilishda davom etadi.
Shu munosabat bilan 11-sentabr kuni universitetga Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchilari, pedagoglari bilan birgalikda O‘zDJTUga tashrif buyurishdi.
Mazkur tashrifning maqsadi – o‘quvchilarga universitetning ta’lim dasturlari, ularning qiziqishlariga mos keluvchi soha va mutaxassisliklar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratishdan iborat edi.
Ularni Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Alisher Abidjanov hamda bo‘lim xodimlari kutib oldilar.
O‘quvchi-yoshlar eng avvalo universitet kampusi bilan yaqindan tanishdilar. Ular universitetning moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonlari, talabalarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot ega bo‘ldilar. Axborot-resurs markazi, yaqinda tashkil etilgan muzey hamda undagi eksponatlar, Tarjimonlik fakulteti sinxron tarjima xonalarida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tarjima nazariyasi va amaliyoti (arab tili) kafedrasi va u yerdagi professor-o‘qituvchilarning faoliyati, sport majmuasi, yotoqxonalar, shuningdek, universitet oshxonasidagi talabalar uchun yaratilgan qulayliklarga guvoh bo‘ldilar.
Yaratilgan zamonaviy o‘quv va ilmiy shart-sharoitlar hamda kafedralardagi joriy o‘quv-uslubiy ishlanmalari ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Shu bilan birga, o‘quvchilar kelajakda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari bo‘lish istagini bildirdilar.