O‘ZDJTU REKTORI ANGREN FAKULTETI TALABALAR TURAR JOYIDAGI SHAROITLAR BILAN TANISHDI
Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet rahbariyati vakillari bilan birgalikda Angren fakulteti talabalar turar joyiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida rektor talabalar turar joyidagi yashash xonalari, oshxona va boshqa maishiy sharoitlar bilan tanishdi. Talabalarning kundalik ehtiyojlari uchun yaratilgan qulayliklar, ovqatlanish sharoitlari hamda turar joydagi mavjud imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sport bilan shug‘ullanishi va jismoniy faolligini oshirishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Xususan, “Besh tashabbus” doirasida sport musobaqalarini tashkil etish va talabalarni turli sport tadbirlariga jalb qilish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.

Tashrif davomida Ilxomjon Tuxtasinov talabalar bilan samimiy suhbatlashib, ularning yashash sharoitlari, kundalik hayoti, qiziqishlari va bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazishlari bilan qiziqdi. Talabalarning fikr-mulohazalari, taklif va istaklarini tinglab, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashdi. Muloqot davomida talabalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda turar joydagi imkoniyatlarni takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.