O‘zDJTU va Chonbuk Milliy Universiteti o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2025-yil 28-oktabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) hamda Janubiy Koreyaning Chonbuk Milliy Universiteti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Chonbuk Milliy Universiteti prezidenti Oh Bong Yang, xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezident Hwarym Cho, xalqaro aloqalar bo‘yicha menejer Sehun Lee hamda tarjimon Nilufar Maxmatillayeva ishtirok etdilar.
O‘zDJTU tomonidan esa rektor I. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Juraev hamda koreys tili o‘qituvchisi I. Abdiyeva ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida ta’lim, ilmiy tadqiqot va akademik almashinuv sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, indekslanadigan ilmiy jurnallarda hammualliflikda maqolalar chop etish, qo‘shma ilmiy rahbarlik tizimini rivojlantirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va vebinarlarni birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida Chonbuk Milliy Universiteti prezidenti Oh Bong Yangga “Faxriy professor” sertifikati topshirildi hamda Anglashuv memorandumi va Hamkorlik memorandumini imzolash masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur uchrashuv O‘zDJTU va Chonbuk Milliy Universiteti o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.