O‘zDJTU vakillari “Global Business Services Forum 2026” xalqaro forumida ishtirok etdi
Joriy yilning 24–25-iyul kunlari Toshkent shahridagi IT Park majmuasida “Global Business Services Forum 2026” (GBSF 2026) xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli forum axborot texnologiyalari, biznes jarayonlarini masofadan boshqarish (BPO), xizmatlar eksporti hamda raqamli transformatsiya yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar, davlat tashkilotlari hamda soha ekspertlarini bir maydonga jamladi. Tadbir doirasida yalpi majlislar, panel muhokamalari, tajriba almashish uchrashuvlari va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan biznes muloqotlari tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti nomidan Sun’iy intellekt va strategik transformatsiya bo‘yicha rektor maslahatchisi Boltabayev Maxmudjon Rustamovich hamda Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi boshlig‘i Sobir Tuychiyev Abdusodiqovich ishtirok etdi.
Forum davomida raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, global biznes xizmatlari, xizmatlar eksportini kengaytirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan ilg‘or xalqaro tajribalar muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim va IT sohasi integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni oliy ta’lim tizimiga joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
2026-07-27 01-11