O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 2025-yil 23-sentabr kuni Roman-german filologiyasi fakultetida faoliyat olib borayotgan 4 nafar xorijiy mutaxassis bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur muloqot universitetning xalqaro maydondagi hamkorligini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish va talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratildi. Tadbirda rektor I.M. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, fakultet dekani X. Hakimov hamda ispan, fransuz va nemis tillari kafedralari mudirlari ishtirok etdi. Mehmonlar safida Ana Pola Munyoz, Maria Pilar Garsia Eskudero Domingez, Lyuk Dallarmelina hamda DAAD lektori Yoxanna Katarina Mayer qatnashib, o‘z faoliyatlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuv jarayonida xorijiy o‘qituvchilar O‘zDJTUda yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, talabalarning chet tillarini o‘zlashtirishdagi intilishlari tahsinga sazovor ekanini ta’kidladilar. Shu bilan birga, ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha til amaliyotlari, ijodiy to‘garaklar, xalqaro loyihalar va ilmiy almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Universitet rahbariyati xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, o‘qituvchilar va talabalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish hamda fakultetni Yevropa oliy ta’lim makoniga yaqinlashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etdi.