O‘zDJTUda “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi – 2026” muvaffaqiyatli o‘tkazildi

O‘zDJTUda “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi – 2026” muvaffaqiyatli o‘tkazildi

2026-yil 16-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bitiruvchi kurs talabalari va bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish hamda ish beruvchilar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi – 2026” tashkil etildi.

Tadbirni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Muhammadjon Chutpulatov ochib berib, bitiruvchilarni oliy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlaganliklari bilan tabrikladi. U o‘z so‘zida yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kasblarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash hamda oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

 



Shuningdek, tadbirda Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. Inoyatov hamda “Kafolat sug‘urta” AJ boshqaruvi raisi U. M. Djanturayev ishtirok etib, bitiruvchilarni samimiy qutladilar hamda mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar, bo‘sh ish o‘rinlari va yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdilar.

 



Yarmarka O‘zDJTU Karyera markazi, Registrator ofisi va Talabalar amaliyoti bo‘limi hamkorligida tashkil etilib, unda 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlari, bank-moliya muassasalari, ta’lim markazlari, sug‘urta, turizm hamda xizmat ko‘rsatish sohalari vakillari qatnashdi.

Tadbir davomida bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot o‘rnatish, mavjud vakansiyalar bilan tanishish, o‘z rezyumelarini taqdim etish hamda kelgusidagi mehnat faoliyatiga oid tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Yarmarka ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir doirasida “Bellissimo Pizza” kompaniyasi tomonidan ishtirokchilarga bepul pitsalar taqdim etilib, samimiy muhit yanada mustahkamlandi.

Mazkur yarmarka bitiruvchilar bandligini ta’minlash, yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishiga ko‘maklashish hamda universitet va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube