O‘ZDJTUDA MUHIM TADBIRLARGA TAYYORGARLIK ISHLARI MUHOKAMA QILINDI
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilhomjon Tuxtasinov rahbarligida universitet rahbariyati vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda 21-oktabr kuni O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adib, tarjimon va adabiyotshunos Ibrohim G‘ofurov nomidagi ijod va tarjima maktabining tantanali ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish, tadbirga tashrif buyuradigan mehmonlarni munosib kutib olish hamda marosim doirasidagi tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Kelajakka yo‘l – xorijiy tillar bilan” shiori ostida Toshkent shahri va Toshkent viloyati umumta’lim maktablarida “O‘zDJTU xorijiy tillarni rivojlantirish va o‘qitish markazlari”ning rasmiy ochilish marosimlariga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, 21-oktabr kuni Toshkent shahridagi Chilonzor tumanining 280-maktabi, Shayxontohur tumanining 41-maktabi hamda Sergeli tumanining 277-maktabida, 22-oktabr kuni esa Uchtepa tumanidagi 81-maktab, Parkent tumanidagi 20-maktab va Parkent ixtisoslashtirilgan maktabida markazlarning ochilish marosimlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda mazkur markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quv xonalarini zamonaviy jihozlash, universitet va maktab volontyorlari ishtirokida xorijiy tillarni o‘rgatish jarayonini tashkil etish, o‘quvchilarni xalqaro o‘quv adabiyotlari va zamonaviy qo‘llanmalar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Parkent tumanidagi maktablar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mehmonlarni munosib kutib olish hamda har ikki yo‘nalishdagi tadbirlarni tashkiliy jihatdan puxta tayyorlab, yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
2026-10-21 01-49