O‘zDJTUda Talabalar turar joyi va ijaraga xonadonlar bo‘yicha Ma’lumot markazi faoliyati bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi
16-avgust kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Talabalar turar joyi va ijaraga xonadonlar bo‘yicha Ma’lumot markazi faoliyati bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining mas’ul xodimi Xurshid Eshov markazning ish jarayonlari, talabalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda ularni turar joy bilan ta’minlashdagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, u universitetning Talabalar turar joyida talabalarga yaratilgan sharoitlar, ma’naviy-ma’rifiy muhit, sport va maishiy xizmatlar tizimi bilan ham tanishib, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Ma’lumot markazi universitet talabalarini turar joy bilan ta’minlash, ijaraga xonadonlar bo‘yicha ma’lumot berish, manzilli yo‘naltirish va hujjatlashtirish jarayonlarida muhim ko‘makchi hisoblanadi. Hozirda universitetda 6 ta talabalar turar joyi faoliyat ko‘rsatib, jami 3285 o‘ringa ega. Shuningdek, 1575 ta ijara xonadoni bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular orqali 9000 nafarga yaqin talaba yashash joyi bilan ta’minlanishi mumkin.
Xurshid Eshov markaz va talabalar turar joylarida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholab, talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning qulay sharoitlarda ta’lim olishi uchun amalga oshirilayotgan tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.