Tadbirda media sohasi vakillari, universitetning ko‘p yillik hamkorlari hamda ta’lim va ilm-fan rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan faxriy ustozlar ishtirok etib, kasb bayrami munosabati bilan samimiy tabriklandi.
Ularning O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim, ilmiy va xalqaro yo‘nalishlardagi faoliyatni keng yoritish, shuningdek, jamiyatda xolis va tezkor axborot almashinuvini ta’minlashdagi munosib hissalari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, universitet Axborot xizmati bo‘limi jamoasining O‘zDJTU hayotini tezkor, xolis va sifatli yoritish, ta’lim, ilm-fan va xalqaro hamkorlikka oid yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazish hamda universitetning ijobiy imijini mustahkamlash borasidagi fidokorona mehnati yuqori baholandi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, professor Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan soha vakillari, faxriy ustozlar hamda universitet Axborot xizmati bo‘limi xodimlariga samimiy minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.
2026-06-27 08-28