Tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv

16-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning tibbiy bilimlarini oshirish maqsadida “Birga hayotni saqlaymiz” mavzusida tibbiyot xodimlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuv universitet hamshirasi Z. Azimbayeva hamda fakultet yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari U. Nazarov,  tyutor G. Odilova tomonidan o‘tkazildi. Tadbir davomida tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan talabalarga sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, inson salomatligini asrashda muhim bo‘lgan profilaktik choralar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, uchrashuv jarayonida mutaxassislar tomonidan giyohvandlikning salbiy oqibatlari, uning inson salomatligiga, jamiyat va kelajak avlod hayotiga ko‘rsatadigan zararli ta’siri haqida so‘z yuritildi. Talabalarga giyohvandlikka qarshi kurashish, zararli odatlardan yiroq bo‘lish hamda sog‘lom hayot tarzini tanlashning muhim jihatlari tushuntirildi.

Tadbir davomida talabalar mutaxassislar bilan ochiq muloqot olib borib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. Bu esa talabalarning tibbiyotga oid bilimlarini yanada boyitish, sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish hamda mas’uliyat hissini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube